JIDUda “Markaziy Osiyo – Yaponiya” tahliliy markazlari forumi bo‘lib o‘tdi

JIDUda “Markaziy Osiyo – Yaponiya” tahliliy markazlari forumi bo‘lib o‘tdi

    JIDUda “Markaziy Osiyo – Yaponiya” tahliliy markazlari forumi bo‘lib o‘tdi

    JIDUda “Markaziy Osiyo – Yaponiya” tahliliy markazlari forumi bo‘lib o‘tdi

    2026-yil 24-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Markaziy Osiyo va Yaponiya: taraqqiyot va hamkorlikning umumiy qarashlarini ilgari surish” mavzusidagi tahliliy markazlar xalqaro forumining ikkinchi kuni bo‘lib o‘tdi.

    Forum tahliliy markazlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, davlat organlari, ishbilarmon doiralar vakillarini, shuningdek, Yaponiya, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjondan tashrif buyurgan yetakchi olimlar va ekspertlarni birlashtirdi.

    Tadbir 2025-yil 20-dekabr kuni Tokioda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo plyus Yaponiya” muloqotining birinchi sammiti doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning amaliy mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan ekspertlar hamkorligining davomi bo‘ldi.

    “Markaziy Osiyo plyus Yaponiya” muloqoti 2004-yilda Yaponiya tashabbusi bilan boshlangan va keyingi yigirma yil ichida Yaponiya va Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston hamda O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning barqaror mexanizmiga aylandi. Davlat rahbarlarining birinchi sammiti ushbu formatga yangi turtki bag‘ishladi va kelgusidagi sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab berdi.

    Sammit doirasida Tokio deklaratsiyasi qabul qilindi va hamkorlikning uchta asosiy yo‘nalishini nazarda tutuvchi CA+JAD Tokio tashabbusi ishga tushirildi: “Yashil rivojlanish va barqarorlik”, “O‘zaro bog‘liqlik” va “Inson kapitalini rivojlantirish”.

    Aynan shu ustuvor yo‘nalishlar forum doirasidagi ekspertlar muhokamalarining asosi bo‘ldi.

    Tadbir davomida ishtirokchilar “Markaziy Osiyo plyus Yaponiya” muloqotini yanada rivojlantirish istiqbollari, barqaror iqtisodiy rivojlanish, energetika xavfsizligi, yashil o‘tish va dekarbonizatsiya, shuningdek, muhim minerallar sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

    Transport va raqamli o‘zaro bog‘liqlikni, xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish, sun’iy intellekt va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, raqamli transformatsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

    Muhokamalarning muhim qismi inson kapitalini rivojlantirish, ta’lim va ilmiy hamkorlik masalalariga bag‘ishlandi. Mutaxassislar akademik va ilmiy almashinuvlarni kengaytirish, kadrlar tayyorlash, qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, Yaponiya va Markaziy Osiyo davlatlarining universitetlari hamda tahliliy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

    Ekspertlar forumining o‘tkazilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahrida Markaziy Osiyo va Yaponiyaning yetakchi tahliliy markazlari uchrashuvini o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusini amalga oshirish yo‘lidagi amaliy qadamlardan biri bo‘ldi. Tashabbus yangi g‘oyalar va amaliy tavsiyalarni shakllantirish, shuningdek, uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish uchun barqaror ekspert kanalini yaratishga qaratilgan.

    Forum Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) va Tokio universiteti qoshidagi Osiyo istiqbolli tadqiqotlari instituti hamkorligida tashkil etildi.

    Forumning JIDUda o‘tkazilishi universitetning mintaqaviy va global rivojlanishning dolzarb masalalari bo‘yicha xalqaro ekspertlar va akademik muloqot maydoni sifatidagi muhim rolini ta’kidladi.

    Muhokamalar yakunida ishtirokchilar Yaponiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi ekspertlar hamkorligini yanada mustahkamlash, qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish va davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalarni shakllantirish zarurligini ta’kidladilar.

    Forum Yaponiya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi barqaror rivojlanish, o‘zaro bog‘liqlik, innovatsiyalar va inson kapitalini rivojlantirishga asoslangan uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha fikr almashish va yangi yondashuvlarni ishlab chiqish uchun muhim maydonga aylandi.