
JIDU prorektori CESS–2026 konferensiyasida Markaziy Yevrosiyoning global o‘rni haqida ma’ruza qildi
JIDU prorektori CESS–2026 konferensiyasida Markaziy Yevrosiyoning global o‘rni haqida ma’ruza qildi

Nazarbayev universitetida Markaziy Yevrosiyo tadqiqotlari jamiyatining CESS–2026 mintaqaviy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. “Markaziy Yevrosiyoni qayta anglash: makonlar, jamiyatlar va hokimiyat” mavzusida tashkil etilgan mazkur anjuman 39 mamlakatdan 500 nafardan ortiq olim va ekspertni birlashtirdi. Bugungi kunda Markaziy Yevrosiyo tadqiqotlari jamiyati — CESS dunyo bo‘ylab 500 dan ziyod tadqiqotchilarni birlashtirib, Markaziy Yevrosiyo bo‘yicha ilmiy izlanishlarni rivojlantirish, akademik hamkorlikni kengaytirish hamda fanlararo yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
Konferensiyaning ochilish marosimida Nazarbayev universiteti vitse-prezidenti Gulmira Qanay, universitetning Davlat siyosati oliy maktabi dekani Rikkardo Pelitstso hamda CESSning 2026-yildagi prezidenti, Davlat siyosati oliy maktabining ilmiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari Dina Sharipova so‘zga chiqdi.
Anjumanning asosiy ma’ruzasi Yaponiyaning Tsukuba universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Ilmiy vishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektor, professor Timur Dadabayev tomonidan taqdim etildi.
O‘z ma’ruzasida professor Timur Dadabayev o‘zgarib borayotgan global siyosiy muhitda Markaziy Yevrosiyoning o‘rni va ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi. U uzoq yillar davomida Markaziy Osiyo yirik davlatlar raqobatining obyekti, tranzit yo‘lagi yoki chekka hudud sifatida talqin qilib kelinganini ta’kidladi. Shu bilan birga, zamonaviy ilmiy tadqiqotlarda mintaqa davlatlari va jamiyatlarining mustaqil subyekt sifatidagi roli, mahalliy qarashlar, dekolonial yondashuvlar hamda mintaqani anglashning muqobil usullari tobora ko‘proq ilgari surilayotganini qayd etdi.
Shuningdek, milliy davlatchilik va qo‘shnichilik munosabatlari bir-biridan ajralmas tushunchalar ekani ta’kidlandi. Kuchli davlat barqaror mintaqaviy muhitga, muvaffaqiyatli milliy taraqqiyot esa qo‘shni mamlakatlar bilan tinch va o‘zaro manfaatli hamkorlikka bevosita bog‘liq ekani qayd etildi.
CESS–2026 konferensiyasida 180 dan ortiq universitet, ilmiy markaz va xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi. Tadqiqot taqdimotlari, panel muhokamalari va akademik muloqotlar davomida jamiyat, boshqaruv, migratsiya, mobillik va mintaqaviy transformatsiya masalalari bo‘yicha yangi ilmiy yondashuvlar muhokama qilindi.




