
Zamonaviy diplomat psixologiyasi: Ilm, qadriyat va shaxsiy rivoj uyg‘unligida millat timsoli
Zamonaviy diplomat psixologiyasi: Ilm, qadriyat va shaxsiy rivoj uyg‘unligida millat timsoli

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida bo‘lajak diplomatlarning ruhiy barqarorligi, professional mahorati va yetakchilik qobiliyatlarini oshirishga qaratilgan amaliy seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Bugungi globallashuv davrida xalqaro maydonda millat manfaatlarini munosib himoya qilish nafaqat yuksak bilim va intellektual salohiyatni, balki kuchli psixologik tayyorgarlik hamda mustahkam irodani ham talab etadi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan ushbu tadbir universitet psixologi N. Norova, Yoshlar ishlari ofisi hamda Yoshlar ittifoqi koordinatori hamkorligida yuqori saviyada o‘tkazildi. Unda talabalarning zamonaviy diplomat portretiga xos bo‘lgan psixologik barqarorlik, kasbiy etika, liderlik fazilatlari va shaxsiy rivojlanish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Seminar davomida universitet psixologi N. Norova bo‘lajak mutaxassislarga diplomatik faoliyatdagi ruhiy muvozanat qoidalari haqida qimmatli tavsiyalar berdi. Ma’ruzachi diplomat har qanday sharoitda ham o‘z davlatining yuzi va millat timsoli bo‘lib xizmat qilishini alohida ta’kidladi. Shu bois, trening davomida talabalarga qiyin muzokaralar va kutilmagan stressli vaziyatlarda hissiyotlarni boshqara olish, strategik fikrlashni yo‘qotmaslik hamda obyektiv va subyektiv holatlarni to‘g‘ri baholay bilish san’ati tushuntirildi. Diplomatning ilm-fan, milliy qadriyatlar va yuksak ma’naviyat bilan psixologik jihatdan uyg‘unlashuvi uning xalqaro maydondagi eng katta kuchi ekanligiga e’tibor qaratildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Yoshlar ishlari ofisi mutaxassisi S. Tilyaxodjayeva bugungi yoshlarning ijtimoiy faolligi, o‘z ustida tinimsiz ishlashi va universitetda yaratilgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanishi naqadar muhimligini ta’kidladi. O‘z navbatida, Yoshlar ittifoqi koordinatorlari ham talabalarni berilgan barcha imkoniyatlardan keng foydalangan holda doimiy faol harakatda bo‘lishga, turli loyiha va tashabbuslarda yetakchilik qobiliyatlarini amalda namoyon etishga chaqirdilar.
Seminar-treningning eng hayajonli qismi taqdirlash marosimi bilan davom etdi. Yil davomida o‘tkazilgan psixologik seminarlar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda o‘zining tashabbuskorligi, faolligi hamda jonbozligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lgan bir guruh iqtidorli talabalar universitet ma’muriyati tomonidan maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandilar. Savol-javoblar, qiziqarli muhokamalar va qizg‘in fikr almashishlarga boy tarzda o‘tgan ushbu tadbir bo‘lajak yosh mutaxassislarda katta taassurot qoldirdi va ularning kelgusi maqsadlari sari yangi rag‘bat bo‘ldi.
| Sana: | 22.05.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 12 |
| Ulashish: |



