
JIDUda atoqli adiblar Erkin Vohidov va O‘tkir Hoshimov ijodiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi
JIDUda atoqli adiblar Erkin Vohidov va O‘tkir Hoshimov ijodiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi

2026-yil 15-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 1-apreldagi VMF-121-son Farmoyishi ijrosi doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti O‘zbek va rus tillari kafedrasi tomonidan atoqli adiblar Erkin Vohidov tavalludining 90 yilligi hamda O‘tkir Hoshimov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbirning asosiy maqsadi ikki buyuk ijodkorning boy adabiy merosini keng targ‘ib qilish, yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning qalbida adabiyotimizga mehr va hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashdan iboratdir.
Tadbirni Yoshlar ishlari ofisi bosh mutaxassisi Sayyora Qobiljonovna Tillaxodjayeva kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida Erkin Vohidov va O‘tkir Hoshimov ijodi o‘zbek milliy adabiyotining bebaho xazinasi ekaniligini, ularning asarlari bugungi yosh avlodni vatanparvarlik, insonparvarlik, fidoyilik va yuksak ma’naviyat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng O‘zbek va rus tillari kafedrasi dotsenti Shoira Umarovna Narmatova so‘zga chiqib, ikki buyuk adibning hayoti va ijodiy faoliyati haqida ma’lumot berdi. Ma’ruzada Erkin Vohidov she’riyatining badiiy jozibasi, uning xalq ruhiyatini chuqur aks ettira olgan asarlari, shuningdek, O‘tkir Hoshimov qalamiga mansub asarlarda inson qalbi, oilaviy qadriyatlar va jamiyat hayotining nozik tasviri mahorat bilan yoritib berildi.
Tadbir davomida universitet talabalari tomonidan Erkin Vohidov va O‘tkir Hoshimov ijodidan namunalar asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, badiiy chiqishlar, monologlar hamda she’rlar mahorat bilan ijro etildi. Ayniqsa, talabalar tomonidan adiblar asarlaridagi qahramonlar obrazining jonli ifodalanishi ishtirokchilarda katta taassurot uyg‘otdi.
Tadbir yakunida so‘z olgan ishtirokchilar bunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularni kitob mutolaasiga keng jalb etish hamda milliy qadriyatlarimizni chuqur anglashda muhim o‘rin tutishini qayd etdilar. Umuman olganda, Erkin Vohidov va O‘tkir Hoshimov ijodiga bag‘ishlangan mazkur adabiy-ma’rifiy tadbir barcha qatnashchilarda iliq taassurot qoldirib, adabiyot va ma’naviyatga bo‘lgan hurmatni yanada mustahkamladi.




