
JIDUda “9-may – Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan “Xotira mangu” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
JIDUda “9-may – Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan “Xotira mangu” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 7-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetda “9-may – Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan “Xotira mangu” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir yuqori saviyada tashkil etildi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yurt ozodligi va xalq tinchligi yo‘lida jon fido qilgan ajdodlar xotirasini yod etish, urush va mehnat faxriylariga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, shuningdek, yosh avlod qalbida vatanparvarlik, millatga sadoqat va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi vakillari, Mirzo Ulug‘bek tuman Nuroniylar kengashi a’zolari, urush va mehnat faxriylari, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdilar.
Tadbirni universitet Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor O.Yusufjonov ochib berdi. U o‘z nutqida “Xotira va qadrlash kuni”ning mazmun-mohiyati haqida to‘xtalib, xalqimiz azal-azaldan inson qadrini ulug‘lab kelganini, ayniqsa, Vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilgan insonlarga yuksak ehtirom ko‘rsatish milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismi ekanini ta’kidladi. Shuningdek, yurtimizda keksalarni e’zozlash, ularning hayotiy tajribasidan unumli foydalanish va yoshlar tarbiyasida faxriylarning o‘rni beqiyos ekani alohida qayd etildi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan mehmonlar xotira va qadrlash tushunchasining ma’naviy ahamiyati, tinchlikning qadri hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida fikr-mulohazalar bildirdilar. Faxriylar o‘z hayot yo‘llari, mehnat faoliyati va yurt taraqqiyoti yo‘lidagi xizmatlari haqida so‘zlab, bugungi yoshlarni bilimli, vatanparvar va mas’uliyatli bo‘lishga chaqirdilar.
Tadbirning badiiy qismi ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Talabalar tomonidan Vatan, tinchlik va jasorat mavzusidagi she’rlar ifodali o‘qildi, musiqiy chiqishlar va sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Ayniqsa, urush yillaridagi matonat va fidoyilikni aks ettiruvchi chiqishlar yig‘ilganlar qalbida chuqur taassurot uyg‘otdi.
Tadbir yakunida faxriylarga universitet rahbariyati tomonidan esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar topshirildi. Barcha ishtirokchilar ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbir orqali xalqimiz tarixi, ajdodlar jasorati va tinchlik qadrini yana bir bor his etdilar. “Xotira mangu” tadbiri barchada yuksak ma’naviy ruh va unutilmas taassurot qoldirdi.




