
JIDUda “Siyosiy rejimlar” mavzusida debat tashkil etildi
JIDUda “Siyosiy rejimlar” mavzusida debat tashkil etildi

Joriy yilning 30-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Xalqaro munosabatlar” fakulteti talabalari o‘rtasida “Siyosiy rejimlar” mavzusida debat musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir talabalarning siyosiy tafakkurini rivojlantirish, zamonaviy xalqaro siyosiy jarayonlarni tahlil qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda erkin fikrlash madaniyatini shakllantirish maqsadida tashkil etildi.
Debat davomida ishtirokchilar dunyo davlatlarida amal qilayotgan turli siyosiy rejimlar - demokratik, avtoritar va totalitar boshqaruv shakllarining o‘ziga xos jihatlari, afzalliklari hamda kamchiliklari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Shuningdek, siyosiy rejimlarning davlat taraqqiyoti, fuqarolik jamiyati shakllanishi va xalqaro maydondagi mavqeiga ta’siri haqida qizg‘in bahs-munozaralar olib borildi.
Talabalar o‘z chiqishlarida turli davlatlar tajribasi, tarixiy misollar hamda zamonaviy geosiyosiy voqealarga tayangan holda asosli dalillar keltirdilar. Har bir jamoa o‘z pozitsiyasini himoya qilish, raqib tomon fikrlarini tahlil qilish va mantiqiy xulosalar chiqarishda yuqori faollik namoyon etdi.
Tadbir yakunida faol ishtirok etgan talabalar va jamoalar alohida e’tirof etildi. Debat talabalarning nutq madaniyati, tanqidiy va tahliliy fikrlashi, jamoada ishlash ko‘nikmalari hamda siyosiy bilimlarini yanada boyitishga xizmat qildi.
Bunday intellektual tadbirlar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari orasida ilmiy va amaliy muhitni mustahkamlash, kelajak diplomat va mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.



