
JIDUda arabcha bahor bayrami “Sham an-Nasim” nishonlandi
JIDUda arabcha bahor bayrami “Sham an-Nasim” nishonlandi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida an’anaviy arab bahor bayrami — “Sham an-Nasim”ga (شم النسيم) bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir Sharq tillari kafedrasi tomonidan tashkil etildi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad — talabalarni arab mamlakatlarining boy madaniy-tarixiy merosi, o‘ziga xos urf-odatlari va milliy qadriyatlari bilan tanishtirishdan iborat.
Tadbir davomida kafedra talabalari ushbu bayramning kelib chiqishi haqida ma’ruzalar qildilar. Ma’ruzalarda bayramning ildizlari Qadimgi Misrga borib taqalishi, u bahorgi tengkunlik va tabiat uyg‘onishining ramzi ekani ta’kidlandi. Shuningdek, “Sham an-Nasim” odamlarni birlashtirib, tinchlik va ahil qo‘shnichilik muhitini mustahkamlashga xizmat qilishiga alohida e’tibor qaratildi.
“Bunday tadbirlar talabalarimizga o‘rganilayotgan mintaqaning madaniy muhitiga chuqurroq kirib borish imkonini beradi. Bu esa xalqaro munosabatlar va diplomatiya sohasida mutaxassislar tayyorlashning ajralmas qismidir”, — deya qayd etdi tashkilotchilar.
Tadbir so‘ngida bayram dasturi namoyish etildi va bu yoshlarning sharq tillari hamda madaniyatlararo muloqotga qiziqishi yuqori ekanini ko‘rsatdi.
| Sana: | 01.04.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 31 |
| Ulashish: |




