
JIDU talabalari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi
JIDU talabalari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi

Joriy yilning 1-aprel sanasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi a’zolarining Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Xalqaro munosabatlar” fakulteti 1-bosqich talabalari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda JIDU talabalariga mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, qabul qilinayotgan yangi qonunlarning mazmun-mohiyati hamda Qonunchilik palatasining faoliyati to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar, Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi va Yoshlar parlamenti ish faoliyati haqida so‘zlab berildi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqotlarda talaba-yoshlar, хususan, JIDUning “Xalqaro munosabatlar” fakulteti 1-bosqich talabalari ham qonun loyihalarini ishlab chiqish, ularni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish, birinchi va ikkinchi o‘qishga tayyorlash, yalpi majlis muhokamalariga kiritish bilan bog‘liq muhim masalalar yuzasidan chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
Uchrashuvda yoshlarni qiziqtirgan barcha savollariga deputatlar tomonidan atroflicha javoblar qaytarildi.
Shu kuni talabalar Qonunchilik palatasining diqqatga sazovor joylari, jumladan, Oliy Majlis tarixi aks etgan muzey, parlament kutubxonasi hamda qonunlar qabul qilinadigan katta majlislar zali bilan yaqindan tanishdi.



