
JIDUda Nagoya iqtisodiyot universiteti professori tomonidan “AI & Data Science” mavzusida seminar o‘tkazildi
JIDUda Nagoya iqtisodiyot universiteti professori tomonidan “AI & Data Science” mavzusida seminar o‘tkazildi

Joriy yilning 25-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Yaponiya Nagoya iqtisodiyot universiteti professori janob Haboning “AI & Data Science — fond bozori narxlarini tasvirlarga asoslangan tahlil qilish va mashinaviy o‘rganish” mavzusida akademik seminar o‘tkazildi.
Seminarda Xalqaro iqtisodiy munosabatlar hamda menejment fakultetlari talabalari ishtirok etdilar. Ma’ruza davomida professor moliyaviy bozorlarni tahlil qilishda sun’iy intellekt va mashinaviy o‘rganish usullarini qo‘llashning zamonaviy yondashuvlarini taqdim etdi hamda fond narxlari dinamikasini prognozlashda tasvirlarni qayta ishlash texnologiyalariga alohida e’tibor qaratdi.
Seminarning amaliy qismida Python dasturlash vositalari, moliyaviy ma’lumotlarni olish uchun Yahoo Finance platformasi hamda bozor dinamikasini vizualizatsiya va tahlil qilish uchun Matplotlib kutubxonasidan foydalanish namoyish etildi. Talabalar ma’lumotlarni yig‘ish jarayoni, grafiklar qurish, vizual andozalarni talqin qilish va prognozlash uchun mashinaviy o‘rganish modellarini qo‘llash bilan tanishdilar.
Ishtirokchilar data science yondashuvlarini iqtisodiy tadqiqotlar, investitsion tahlil va boshqaruv qarorlariga joriy etish istiqbollarini muhokama qildilar. Ochiq raqamli vositalardan foydalangan holda grafiklarni avtomatlashtirilgan tahlil qilish va prognoz modellarining aniqligini oshirish imkoniyatlari alohida qiziqish uyg‘otdi.
Mazkur seminar JIDU va Yaponiya universitetlari o‘rtasida raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt hamda yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash sohalaridagi kengayib borayotgan akademik hamkorlik doirasida tashkil etildi.
| Sana: | 25.02.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 47 |
| Ulashish: |




