
JIDU va Vashingtondagi Amerika universiteti o‘rtasida qo‘shma talim dasturi yo‘lga qo‘yildi
JIDU va Vashingtondagi Amerika universiteti o‘rtasida qo‘shma talim dasturi yo‘lga qo‘yildi

Joriy yilning 20-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti birinchi prorektori Akram Umarov va Vashingtondagi Amerika universiteti prezidenti Jonathan Alger tomonidan iqtisodiyot yo‘nalishida qo‘shma (dual degree) magistratura dasturini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumi imzolandi.
Yangi dasturga muvofiq, 1+1 shaklida magistraturaning birinchi yili JIDUda o‘qiladi, ikkinchi yil esa Vashingtondagi Amerika universitetida davom ettiriladi.
Dastur doirasida matematika iqtisodiyoti, mikroiqtisodiyot, makroiqtisodiyot, ekonometrika (I va II), capstone loyihasi hamda tanlov fanlari nazarda tutilgan.
Dastur talablarini muvaffaqiyatli bajargan bitiruvchilar ikki tomonlama magistrlik diplomlariga ega bo‘ladi - Vashingtondagi Amerika universiteti hamda JIDU diplomlari beriladi.
Ta’kidlash joizki, JIDU Vashingtondagi Amerika universiteti bilan rasmiy hamkorlik va qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘ygan O‘zbekistonning birinchi oliy ta’lim muassasasi bo‘ldi.
Ma’lumot uchun: Vashingtondagi Amerika universiteti AQSHning yetakchi universitetlaridan biri bo‘lib, QS reytingida #587 o‘rinda, Iqtisodiyot va Ekonometriya (“Economics and Econometrics”) yo‘nalishi bo‘yicha esa 351–400 oralig‘ida qayd etilgan. Universitet mamlakat poytaxti markazida joylashgani bois talabalar dunyoning eng muhim diplomatiya va siyosat markazida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ushbu hamkorlik JIDU talabalari uchun xalqaro ta’lim imkoniyatlarini yanada kengaytiradi hamda ularning global akademik maydondagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.



