
JIDUda “Vatan himoyasi — muqaddas burch” nomli bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi
JIDUda “Vatan himoyasi — muqaddas burch” nomli bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi

2026-yil 17-yanvar kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Vatan himoyasi — muqaddas burch” nomli tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirni JIDUning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori O. Yusupdjanov ochib berib, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlarni bayram bilan samimiy muborakbod etdi. O‘z nutqida u bugungi yoshlar O‘zbekistonning kelajakdagi manfaatlarini himoya qiluvchi asosiy kuch ekanini, ularning bilimli, vatanparvar va fidoyi bo‘lib voyaga yetishi muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
Tadbir davomida talabalar tomonidan Vatan himoyachilariga bag‘ishlangan mazmunli sahna ko‘rinishlari namoyish etildi va bayram tadbiriga ko‘tarinki ruh bag‘ishlandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari ofitserlari tomonidan namoyish etilgan chiqishlar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish va ijobiy taassurot uyg‘otdi.
Bayram tadbiri yakunida “Eng faol yil talabasi — 2025”, “Islohotlar bilimdoni” respublika tanlovining JIDU bosqichi g‘oliblari, shuningdek sport hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda yuqori natijalarga erishgan faol talabalar universitet rahbariyati tomonidan munosib taqdirlandilar.
Mazkur tadbir talaba-yoshlar ongida Vatanga sadoqat, milliy g‘urur va yurt himoyasi yo‘lidagi mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.
| Sana: | 18.01.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 38 |
| Ulashish: |



