
JIDU rektori AQShda O‘zbekiston kuniga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etdi
JIDU rektori AQShda O‘zbekiston kuniga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etdi

Joriy yilning 19-noyabr kuni AQSH Kongressida mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston bo‘yicha kokus a’zolari bilan hamkorlikda tashkil etilgan O‘zbekiston kuni bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston delegatsiyasi, Respublikachilar va Demokratlar partiyalaridan senatorlar hamda kongressmenlar, jumladan, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bo‘yicha kokuslar hamraislari, Amerika–O‘zbekiston savdo palatasi rahbariyati, AQShning yetakchi kompaniyalari, diplomatik korpus va ekspertlik hamjamiyati, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini o‘qib eshittirdi. Unda davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ortga qaytmas xususiyatini alohida ta’kidlab, AQSH bilan strategik sheriklikning ahamiyatiga e’tibor qaratdi. Oliy darajadagi muntazam va yaqin muloqot ikki tomonlama munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishlagani qayd etildi. Murojaat katta qiziqish bilan tinglandi va iliq kutib olindi.
S. Safoyev o‘z nutqida O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlar natijalariga batafsil to‘xtalib o‘tdi. U 2017-yildan buyon mamlakat iqtisodiyoti uch barobar o‘sganini, jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi esa 150 milliard dollardan oshganini ma’lum qildi. Shuningdek, kambag‘allik darajasi 2017-yildagi 35 foizdan 3,9 foizgacha pasaygani qayd etildi.
Muloqotning davomida ishtirokchilar O‘zbekiston–AQSH munosabatlarining rivojlanishi umumiy strategik manfaatlarga tayanishini, bu esa AQShdagi ma’muriyat almashinuvi va saylov davrlaridan qat’i nazar, hamkorlikni izchil kengaytirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladilar.
O‘zbekiston bo‘yicha kokus hamraisi, kongressmen Trent Kelli AQSH Kongressidagi O‘zbekiston kuni ishtirokchilariga ilk bor murojaat yo‘llagani uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy minnatdorlik bildirdi. «Avvalo, O‘zbekiston rahbariga — qisqa vaqt ichida mamlakatingizni ancha ilgarilatishga muvaffaq bo‘lgan, kelajakni chinakam strategik ko‘ra oladigan yuksak yetakchiga tashakkur aytmoqchiman», — dedi u.
Markaziy Osiyo bo‘yicha kokus hamraisi, senator Stiv Deyns ham O‘zbekistonda kechayotgan yangilanishlarni yuksak baholadi. Uning ta’kidlashicha, «O‘zbekiston keng ko‘lamli yangilanish davrini boshdan kechirmoqda, AQSH bilan munosabatlar esa misli ko‘rilmagan yuqori bosqichga ko‘tarildi. Mamlakat yuksalish pallasida va nihoyatda qulay taraqqiyot istiqbollariga ega. Agar bugun biron-bir mamlakatning aksiyalariga sarmoya kiritishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, albatta, O‘zbekistonni tanlashingiz kerak. Toshkentga ko‘pdan buyon bormaganlarga esa u yerga yana tashrif buyurishni qat’iy tavsiya qilaman. Bugungi Toshkent — butunlay boshqa shahar. Yangi Toshkent so‘zning to‘g‘ri ma’nosida ko‘z o‘ngimizda qad rostlamoqda va bu mazkur ajoyib mamlakatni qanday kelajak kutayotganidan dalolat beradi».
2025 va 2026-yillarda O‘zbekistonda bo‘lgan kongressvumen Kerol Miller mamlakat bilan bevosita tanishuv amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lamini to‘liq idrok etish imkonini berishini ma’lum qildi. «O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi munosabatlar hech qachon bunday yaxshi bo‘lmagan. Bu — inkor etib bo‘lmas fakt», — dedi u.
Amerika–O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm sanoat, aviatsiya, energetika va texnologiya tarmoqlarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga to‘xtaldi. U O‘zbekiston va AQSH iqtisodiy aloqalari avvalgi davr bilan solishtirib bo‘lmaydigan, mutlaqo yangi sifat bosqichiga chiqqanini ko‘rsatgan Samarqand biznes-forumining muhim ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Umuman olganda, o‘tkazilgan mazkur tadbir AQShda O‘zbekistonga nisbatan yuksak siyosiy e’tibor qaratilayotganini, amerikalik qonunchilar va ishbilarmon doiralarning ikki tomonlama sheriklikni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini yaqqol namoyish etdi.
| Sana: | 22.11.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 90 |
| Ulashish: |



