
JIDU talabalari mediaekspert bilan siyosat va jurnalistika masalalarini muhokama qildi
JIDU talabalari mediaekspert bilan siyosat va jurnalistika masalalarini muhokama qildi

19-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Siyosat va OAV” fani doirasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidentining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sevara O‘rinboyeva bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda “Siyosatshunoslik” va “Xalqaro munosabatlar” ta’lim yo‘nalishlarining ikkinchi bosqich talabalari ishtirok etdi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda davlat axborot siyosatining rivojlanishi, siyosiy jurnalistikaning o‘ziga xos jihatlari, davlat idoralari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, jamoatchilik bilan aloqalar (PR) xizmatlarining o‘rni, huquqiy jurnalistika, axborotning xolisligi hamda aholining huquqiy va mediasavodxonligini oshirish mavzulariga e’tibor qaratildi.
Sevara O‘rinboyeva ommaviy axborot vositalari va davlat axborot xizmatlaridagi ko‘p yillik kasbiy tajribasiga tayangan holda sohaning amaliy jihatlari haqida ma’lumot berdi hamda talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Ma’lumot o‘rnida: Sevara O‘rinboyeva qator nufuzli ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritgan. 2018–2024-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar yo‘nalishida rahbarlik lavozimlarida ishlagan.
Uchrashuv bo‘lajak siyosatshunos va diplomatlar uchun soha mutaxassisining amaliy tajribasi bilan yaqindan tanishish, siyosat va media o‘rtasidagi munosabatlar haqidagi bilimlarini boyitish imkonini berdi.




