
Tabiatni asrash — kelajak poydevori: JIDU talabalarining ekologik aksiyasi
Tabiatni asrash — kelajak poydevori: JIDU talabalarining ekologik aksiyasi

2026-yil 17-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Xalqaro iqtisodiyot va menejment” fakultetining 2-bosqich talabalari XIM seksiyasi ingliz tili o‘qituvchilari: N.B Tashpulatova, F. SH. Zaripova, Z. N. Akmalova hamrohligida tabiatni muhofaza qilish va hududni obodonlashtirishga bag‘ishlangan ekologik aksiya o‘tkazdilar. Mazkur tashabbus yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish hamda atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish dasturi doirasida tashkil etildi.
Aksiya davomida bo‘lajak xalqaro iqtisodchi va diplomatlar bog‘ va o‘rmon hududini tozalash hamda barqaror rivojlanish tamoyillarini amalda qo‘llash borasida faol ishtirok etdilar. Ekologik tadbir dasturi quyidagi asosiy yo‘nalishlarni qamrab oldi:
Hududni chiqindilardan tozalash. Ikkinchi kurs talabalari yashil hududlar va xiyobonlarni plastik hamda maishiy chiqindilardan tozalab, tabiiy muvozanatni saqlash va shahar ekotizimini sog‘lomlashtirishga o‘z hissalarini qo‘shdilar.
Barqaror rivojlanish va “yashil” iqtisodiyot. Talabalar ekologik xavfsizlik, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda zamonaviy xalqaro munosabatlar va iqtisodiyotda “yashil” kun tartibining ahamiyati yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Jamoaviy hamjihatlik va tashabbuskorlik. Tabiat qo‘ynida tashkil etilgan umumiy hashar talabalarda jamoaviy ruhni mustahkamlab, atrof-muhit musaffoligini asrash har bir fuqaroning burchi ekanini yana bir bor namoyon etdi.
XIM seksiyasi ingliz tili o‘qituvchilarining ishtiroki tadbirga qo‘shimcha amaliy ahamiyat bag‘ishladi. Aksiya davomida talabalar ekologiya, iqlim o‘zgarishi va barqaror taraqqiyotga oid xalqaro atamalarni ingliz tilida muhokama qilib, kasbiy til ko‘nikmalarini yanada boyitdilar.
| Sana: | 18.11.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 44 |
| Ulashish: |



