
Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi JIDUda ma’ruza o‘tkazdi
Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi JIDUda ma’ruza o‘tkazdi

Joriy yilning 4-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Zamonaviy xalqaro munosabatlar, jahon iqtisodiyoti va O‘zbekiston manfaatlari” maxsus kursi doirasida Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi Konstantin Obolenskiy “Dengizga chiqish imkoniyati yo‘qligining muammolari” (Challenges of Landlockedness) mavzusida ma’ruza o‘tkazdi.
Ma’ruza davomida diplomat “landlockedness” omilining davlatlarning iqtisodiy rivojlanishiga, logistika va transport zanjirlariga, bozorlarga kirish va tashqi savdo xarajatlariga ta’sirini batafsil yoritib berdi. Shveysariya misolida bunday cheklovlarni bartaraf etish yo‘llari - infratuzilmani rivojlantirish, samarali tranzit yo‘nalishlarini yaratish, institutsional yechimlarni topish va iqtisodiy ixtisoslashuvni ta’minlash orqali ko‘rib chiqildi.
Xalqaro hamkorlikning amaliy jihatlari va dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar uchun barqaror sheriklikning ahamiyatiga, shuningdek, Shveysariya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’ruza savol-javob sessiyasi bilan yakunlandi. Elchi talabalar tomonidan berilgan barcha savollarga javob berdi va o‘zining shaxsiy kasbiy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Bu auditoriya uchun alohida qimmatli va foydali bo‘ldi.



