
JIDUda taniqli janubiy koreyalik diplomatning ma’ruzasi bo‘lib o‘tdi
JIDUda taniqli janubiy koreyalik diplomatning ma’ruzasi bo‘lib o‘tdi

2026-yil 11-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Zamonaviy xalqaro munosabatlar, jahon iqtisodiyoti va O‘zbekiston manfaatlari” kursi doirasida taniqli janubiy koreyalik diplomat, Koreya Respublikasining Jenevadagi sobiq elchisi, “Lee & Ko GCI” prezidenti Choi Seok-youngning “Koreya Respublikasi tashqi savdo siyosatining evolyutsiyasi va olingan saboqlar” (Evolution of Korea’s Foreign Trade Policy and Lessons Learned) mavzusidagi ma’ruzasi bo‘lib o‘tdi.
Ma’ruza davomida diplomat Koreya Respublikasi tashqi savdo siyosatining shakllanishi va rivojlanishini atroflicha tahlil qilib, mamlakatning iqtisodiy transformatsiyasi hamda jahon savdo tizimiga integratsiyalashuvining asosiy bosqichlarini yoritib berdi.
Janubiy Koreyaning iqtisodiy o‘sishning eksportga yo‘naltirilgan modeliga o‘tishi, sanoat salohiyatini yuksaltirish, tarkibiy islohotlarni amalga oshirish hamda tashqi savdoni izchil liberallashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ma’ruzachi, shuningdek, mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashda davlat iqtisodiy siyosati, xalqaro savdo bitimlari va eksportni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining tutgan o‘rnini ko‘rib chiqdi.
Koreya Respublikasining ko‘p tomonlama savdo tizimidagi ishtiroki, jumladan, Jahon savdo tashkiloti (JST) doirasidagi faoliyati, erkin savdo bitimlari tarmog‘ini kengaytirish hamda xorijiy hamkorlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash masalalari ma’ruzaning alohida mavzusi bo‘ldi.
Shu bilan birga, Choi Seok-young geo-iqtisodiy raqobatning kuchayishi, proteksionizmning o‘sishi, global ta’minot zanjirlarining transformatsiyasi va iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashga doir yondashuvlarning o‘zgarishi bilan bog‘liq jahon savdosining zamonaviy chaqiriqlariga to‘xtalib o‘tdi. Kuchayib borayotgan geosiyosiy noaniqlik sharoitida xalqaro savdo tizimini rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Koreya Respublikasining iqtisodiy islohotlarni o‘tkazish hamda raqobatbardosh eksport iqtisodiyotini shakllantirish borasidagi tajribasi katta qiziqish uyg‘otdi. Mazkur yondashuvlar O‘zbekiston uchun tashqi savdoni yanada erkinlashtirish, eksport bozorlarini diversifikatsiya qilish va Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni nuqtayi nazaridan muhim amaliy ahamiyatga egadir.
Ushbu ma’ruza talabalarga xalqaro iqtisodiy munosabatlar, savdo diplomatiyasi va tashqi iqtisodiy siyosat sohalaridagi bilimlarini chuqurlashtirish, shuningdek, xalqaro savdo sohasidagi yetakchi mutaxassislardan birining amaliy tajribasi bilan tanishish imkonini berdi.
Ma’ruza yakunida interaktiv savol-javob sessiyasi bo‘lib o‘tdi va unda talabalar diplomatga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berish imkoniga ega bo‘ldilar. Choi Seok-young ishtirokchilarning savollariga batafsil javob qaytarib, xalqaro savdo va iqtisodiy diplomatiya sohasidagi kasbiy tajribasi hamda amaliy kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashdi.



