
JIDUda zamonaviy Afg‘onistonga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi
JIDUda zamonaviy Afg‘onistonga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

2024-yilning 27-avgust kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Germaniyaning Roza Lyuksemburg jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Tolibon hokimiyati ta'sirida Afg‘oniston: qo‘shni mamlakatlar va buyuk davlatlarning munosabati” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Ushbu tadbir davlat organlari, xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT), tahlil markazlari, elchixonalar vakillari, shuningdek, Germaniya, Hindiston, Xitoy, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan yetakchi olimlar, ekspertlar va yosh tadqiqotchilarni jamladi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti vakillari, diplomatik missiyalar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, JIDU rahbariyati, o‘qituvchilari, doktorantlari va talabalari ishtirok etdi.
Tadbirni Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev ochar ekan, Afg‘oniston mintaqa barqarorligining muhim omili ekanini alohida ta’kidladi.
“Garchi afgʻon xalqiga insonparvarlik yordami koʻrsatishni kengaytirish va bu davlatga nisbatan jahon hamjamiyatining yagona strategiyasini ishlab chiqish zarurati ravshan bo‘lsa-da, Oʻzbekiston Afgʻonistondagi vaziyatni yumshatish bilan bogʻliq masalalar xalqaro kun tartibida ikkinchi darajaga tushib qolganidan xavotirda” – dedi S.Safoyev.
Germaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Manfred Xuterer O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shni davlatga muntazam ravishda insonparvarlik yordami yetkazib berish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.
“Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari Afgʻonistonning barqaror va farovon boʻlishidan birinchi navbatda manfaatdor, ammo xalqaro hamjamiyat bu mamlakatdagi vaziyatni eʼtibordan chetda qoldirmasligi kerak”, – dedi M.Xuterer.
Forum davomida professional fikr almashuvi boʻlib oʻtdi va bu Afgʻonistonni qayta tiklash muammolarini tadqiq qilish va mintaqa davlatlari va jahon davlatlarining ushbu mamlakatga nisbatan siyosatini ishlab chiqish borasidagi yangi yoʻnalishlarni belgilash imkonini berdi.
Konferensiya, shuningdek, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish doirasida mintaqaviy xavfsizlik, gumanitar yordam, xalqaro hamkorlik va barqaror rivojlanish masalalari boʻyicha samarali tarmoqlararo muloqot maydoniga aylandi. Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, aholiga gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha yechimlarni izlashda universitetlar, NNTlari hamda davlat muassasalarining o‘zaro hamkorligiga alohida e’tibor qaratildi.
Yalpi majlislar va panel muhokamalarida Afg‘onistonning mintaqaviy integratsiyalashuvi istiqbollari, geosiyosiy muammolar, radikallashuv va ekstremizm xavfi, shuningdek, mamlakatni global barqaror jarayonlarga qo‘shish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Yetakchi ekspertlar inson huquqlari muammolari, gumanitar vaziyat, xalqaro tashkilotlarning o‘rni, global kuch markazlarining Afg‘onistonga nisbatan siyosati bo‘yicha tahliliy ma’ruzalarini taqdim etdi.
Konferensiya yakunlari boʻyicha ekspert maqolalari, tahliliy sharhlar, siyosiy takliflar va ishtirokchilarning maʼruzalarini oʻz ichiga olgan ilmiy-amaliy materiallar toʻplami tayyorlanib, chop etildi. Nashr mintaqaning tashqi siyosatini ekspert darajada qoʻllab-quvvatlash va BRMga muvofiq tarmoqlararo hamkorlikni rivojlantirishga hissa sifatida hukumat va xalqaro hamkorlar oʻrtasida tarqatish uchun tavsiya etiladi.