
KOICA va JIDU Onlayn Ta’lim Tizimini Rivojlantirish va Kiber Universitet Tashkil Etish Loyihasini Imzoladilar
KOICA va JIDU Onlayn Ta’lim Tizimini Rivojlantirish va Kiber Universitet Tashkil Etish Loyihasini Imzoladilar

Joriy yilning 20-may kuni Koreya Xalqaro Hamkorlik Agentligi (KOICA) hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) o‘rtasida “O‘zbekistondagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida onlayn ta'lim tizimini rivojlantirish va Kiber Universitet tashkil etish uchun muhit yaratish loyihasi” bo‘yicha Muhokamalar bayonnomasi imzolandi.
Imzolash marosimida Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev boshchiligidagi JIDU rahbariyati, Koreya delegatsiyasi tomonidan esa KOICA vitse-prezidenti Xong Sok Xva, KOICAning O‘zbekistondagi direktori Shin Myon Sop hamda boshqa yuqori martabali vakillar ishtirok etdi.
Yangi loyiha O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasining raqamli infratuzilmasini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, JIDUda to‘liq elektron ta’lim tizimini yaratishni nazarda tutadi. Umumiy qiymati 6,9 million AQSh dollarini tashkil etuvchi loyiha doirasida Elektron-ta’lim bo‘yicha bosh rejani ishlab chiqish, akademik va operatsion me’yoriy hujjatlarni shakllantirish, uchta yo‘nalish bo‘yicha ta’lim kontentini yaratish, professor-o‘qituvchilarni tayyorlash, IT-platformalarni ishlab chiqish, zarur texnik jihozlar bilan ta’minlash va raqamli ta’lim infratuzilmasini yangilash ko‘zda tutilgan.
O‘zbekistonning yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biri sifatida JIDU mazkur tashabbus orqali nafaqat mamlakat, balki mintaqa miqyosida raqamli ta’lim sohasida ilg‘or model sifatida shakllanishi kutilmoqda. Loyiha Koreyaning Markaziy Osiyo uchun mo‘ljallangan “K-Ipak yo‘li” tashabbusi doirasida aqlli ta’lim va barqaror taraqqiyotni ilgari surishga qaratilgan keng qamrovli strategiyasining bir qismidir.
Mazkur yangi hamkorlik loyihasi Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi uzoq yillik ishonchli aloqalarni mustahkamlab, ikki tomonning zamonaviy, ochiq va sifatli ta’lim tizimini yaratishga bo‘lgan qat’iy intilishini yana bir bor tasdiqlaydi.