
JIDUda “Tinchlik — eng oliy ne’mat” va “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurash!” mavzularida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi
JIDUda “Tinchlik — eng oliy ne’mat” va “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurash!” mavzularida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan hamkorlikda talaba-yoshlar o‘rtasida tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish hamda jaholat va turli yot g‘oyalarga qarshi ma’rifat orqali kurashish madaniyatini rivojlantirish maqsadida “Tinchlik — eng oliy ne’mat” hamda “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurash!” mavzularida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir davomida tinchlik va barqarorlikning jamiyat taraqqiyoti, inson farovonligi hamda yoshlarning kelajagini ta’minlashdagi o‘rni va ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Tinchlikni asrab-avaylash, mamlakatimizda hukm surayotgan osoyishtalikni qadrlash, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik tamoyillariga amal qilish har bir fuqaroning muhim vazifasi ekanligi ta’kidlandi.
Shuningdek, talaba-yoshlarning ma’naviy immunitetini mustahkamlash, ularni turli zararli g‘oyalar, ekstremistik qarashlar va noto‘g‘ri axborotlar ta’siridan himoya qilish, axborot makonida uchraydigan tahdidlarni to‘g‘ri anglash hamda ularga nisbatan tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
“Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurash!” mavzusi doirasida ilm-ma’rifatning inson kamoloti va jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati, yoshlarning bilim olishga intilishi, mustaqil fikrlashi va turli axborotlarni tahlil qilish qobiliyatini rivojlantirish zarurligi haqida tushunchalar berildi. Shuningdek, diniy bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, insonparvarlik va ma’rifatga asoslangan dunyoqarashni shakllantirishning dolzarbligi qayd etildi.
Tadbir talabalarning mavzu yuzasidan fikr almashishi, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishi va dolzarb masalalar bo‘yicha bilimlarini mustahkamlashi uchun imkoniyat yaratdi.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir yoshlarning tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, diniy bag‘rikenglik tamoyillariga amal qilish hamda jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish borasidagi bilim va tushunchalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.



