
JIDU va Bishkekdagi YEXHT Akademiyasi akademik hamkorlikni kengaytirish va yangi qo‘shma tashabbuslarni muhokama qildi
JIDU va Bishkekdagi YEXHT Akademiyasi akademik hamkorlikni kengaytirish va yangi qo‘shma tashabbuslarni muhokama qildi

2026-yil 3-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) YeXHTning Bishkek shahridagi akademiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
YEXHT Akademiyasi delegatsiyasi tarkibiga MAHRS (Master of Arts in Human Rights and Sustainability) magistratura dasturi direktori Anja Mihr, ushbu dastur mutaxassisi Aiym Chotoeva, shuningdek, YEXHT Akademiyasi xalqaro departamenti rahbari Viktoriya Orazova kirdi.
Uchrashuvda JIDU tomonidan akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Akram Umarov, Xalqaro huquq fakulteti dekani Serikbek Muratayev, shuningdek, Oliy ta’limdan keyingi ta’lim ofisi rahbari Marg‘uba Siddiqova ishtirok etdi.
Uchrashuvda tomonlar hamkorlikning bugungi holati va imzolangan Hamkorlik memorandumi doirasida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qildilar. Akademik harakatchanlik va sheriklik tashabbuslarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
JIDU 2026-yilning kuzgi semestrida MAHRS magistratura dasturi doirasida YEXHT Akademiyasi magistrantlarini akademik mobillik dasturlariga qabul qilishga to‘liq tayyorligi va qiziqishini bildirdi. O‘z navbatida, YeXHT Akademiyasi 2026-2027 o‘quv yilining kuz va bahor semestrlari uchun JIDU bakalavriat va magistratura dasturlari bo‘yicha talabalarni qabul qilishga tayyorligini tasdiqladi.
YeXHT akademiyasi vakillari o‘z talabalarining JIDU tomonidan 2026-yil 29-iyundan 5-iyulgacha Toshkentda bo‘lib o‘tadigan yozgi maktabda ishtirok etishiga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar, shuningdek, qo‘shma ta’lim va ilmiy tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.




