
“Xalqaro huquq” fakultetida BMT tizimidagi migratsiya masalalariga bag‘ishlangan master-klass o‘tkazildi
“Xalqaro huquq” fakultetida BMT tizimidagi migratsiya masalalariga bag‘ishlangan master-klass o‘tkazildi

2026-yil 11-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Xalqaro huquq” fakulteti 3-kurs talabalari uchun “Xalqaro tashkilotlar huquqi” fani doirasida “BMTning ixtisoslashgan muassasalari (Xalqaro migratsiya tashkiloti faoliyati doirasida)” mavzusida A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti dotsenti yuridik fanlari nomzodi, Ishanxodjayev Saidahmad Akramovich ishtirokida master-klass tashkil etildi.
Mazkur dars davomida Xalqaro migratsiya tashkiloti faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, migratsiya jarayonlarini xavfsiz va tartibli boshqarish, migrantlar huquqlarini himoya qilish, qaytgan migrantlarni reintegratsiya qilish, migratsiya siyosatini takomillashtirish hamda davlatlarga institutsional va maslahat ko‘magini ko‘rsatish masalalari yoritildi.
Shuningdek, master-klass davomida Xalqaro migratsiya tashkiloti va Xalqaro mehnat tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik alohida tahlil qilindi. Mazkur hamkorlik doirasida mehnat migrantlari uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularning huquqlarini himoya qilish, adolatli yollash mexanizmlarini joriy etish, noqonuniy mehnat ekspluatatsiyasining oldini olish va ijtimoiy himoya kafolatlarini kuchaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Mazkur tadbir talabalarning xalqaro tashkilotlar faoliyati, migratsiya huquqi va xalqaro mehnat standartlari haqidagi nazariy bilimlarini boyitish bilan birga, ularni amaliy misollar asosida mustahkamlashga xizmat qildi.



