
Asadov Sherzod Ikromovich

Biografiya
1981-yil 4-mayda Buxoro viloyati, Shofirkon tumanida tug‘ilgan.
2006-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
2007–2008-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Tashqi siyosiy faoliyatni tahlil qilish va strategiyasi bosh boshqarmasida referent va attashe lavozimlarida ishlagan.
2008–2012-yillarda O‘zbekiston Respublikasining Singapurdagi elchixonasida attashe, keyinchalik uchinchi kotib lavozimida faoliyat yuritgan. Uzoq muddatli xorijiy xizmat safaridan so‘ng Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi faoliyatini davom ettirgan.
2012–2015-yillarda MDH va SHHT tuzilmalari bilan hamkorlik boshqarmasida ikkinchi kotib, birinchi kotib, bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. Ushbu davrda transchegaraviy hamkorlik masalalari bilan shug‘ullangan.
2015–2017-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining yordamchisi bo‘lib ishlagan hamda bir vaqtning o‘zida vazirlik Kotibiyatiga rahbarlik qilgan.
2017-yil oktyabr oyida O‘zbekiston Respublikasining Avstriyadagi elchixonasiga maslahatchi — muvaqqat ishlar vakili etib tayinlangan.
2018-yil 29-avgustdan 2020-yilgacha O‘zbekiston Respublikasining Avstriyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi lavozimida faoliyat yuritgan. Shu bilan birga, Vena shahrida joylashgan xalqaro tashkilotlar — YXHT, MAGATE, BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC), UNIDO hamda Yadro sinovlarini to‘liq taqiqlash shartnomasi tashkiloti huzurida O‘zbekistonning doimiy vakili bo‘lgan.
2020-yilda YXHT Doimiy kengashining Iqtisodiy-ekologik qo‘mitasi raisi etib saylangan bo‘lib, ushbu tashkilotning uchta asosiy qo‘mitalaridan biriga rahbarlik qilgan birinchi o‘zbekistonlik vakil hisoblanadi.
2020-yil 19-martda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari etib tayinlangan hamda BMT, YXHT va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik masalalarini muvofiqlashtirgan.
2021-yil 24-martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi lavozimiga tayinlangan.
2023-yil 17-avgustda Prezident Administratsiyasi rahbari va uning o‘rinbosarlari lavozimi tugatilganligi munosabati bilan, Sherzod Asadov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi sifatida faoliyatini davom ettirgan.
2025-yil 14-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan Prezident Administratsiyasining Kommunikatsiyalar departamenti rahbari — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi lavozimiga tayinlangan.