
A.S.I.E. va JIDU: barqaror kelajak yo‘lida hamkorlik
A.S.I.E. va JIDU: barqaror kelajak yo‘lida hamkorlik

2025-yil 10-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) “Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda Fransiya tajribasi va yoshlarning ishtiroki” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda talabalar, professor-o‘qituvchilar hamda Fransiyaning A.S.I.E. (Association de solidarité internationale et d’éducation) nodavlat tashkiloti vakili ishtirok etdi. Tadbir davomida A.S.I.E. asoschisi Alen Payen so‘zga chiqdi. Mazkur tashkilot yetti yildan buyon O‘zbekistonda madaniyat, ekologiya, sog‘lom turmush tarzi, innovatsion ishlanmalar va suv tejash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Tadbirning asosiy maqsadi — JIDU va A.S.I.E. o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, talabalarni barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish bilan bog‘liq loyihalarga faol jalb qilishdan iborat. Ishtirokchilarga ushbu NNT tomonidan amalga oshirilgan qisqa muddatli yoshlar uchun mo‘ljallangan ko‘ngillilar dasturlari haqida ma’lumot berildi. Xususan, O‘zbekiston hududlariga qilingan ekspeditsiyalardan tortib Fransiyada o‘tkazilgan madaniy festivallar shular jumlasidandir. Mazkur tashabbuslar nafaqat madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash, balki talabalarni atrof-muhit muhofazasi, mahalliy an’analarni saqlab qolish va suv resurslaridan samarali foydalanish kabi dolzarb tadqiqotlarga jalb qilishga xizmat qiladi.
A.S.I.E. va JIDU kelgusida hamkorlikda BRM bo‘yicha o‘quv kurslari ishlab chiqish va rasmiy uchrashuvlar tashkil qilishga kelishib oldilar. Bu orqali talabalar ijtimoiy innovatsiyalar va ekologik texnologiyalar sohasida amaliy ko‘nikmalarni egallashlari mumkin bo‘ladi. Ayniqsa, materiallar va ilmiy natijalarni mavjud vaqt tizimida universitet hamda xorijiy hamkorlar o‘rtasida ulashishga imkon beradigan onlayn formatlarga alohida e’tibor qaratiladi.
Davra suhbatida ishtirokchilar fransuz tilini o‘rganayotgan va BRM mavzulariga qiziqadigan talaba va magistrantlar uchun Burj shahrida 10 kunlik amaliyot o‘tkazish imkoniyatini muhokama qildilar. Ushbu amaliyot ekologik targ’ibotlar, an’anaviy hunarmandchilik bo‘yicha mahorat darslari va madaniy festivallarda ishtirok etish kabi ko‘ngillilik va ilmiy-tadqiqot faoliyatlarini o‘z ichiga oladi. Bunday dasturlar yoshlar uchun liderlik salohiyatini rivojlantirish va barqaror rivojlanish bo‘yicha xalqaro tajribalarni amalda qo‘llash imkonini beradi.
Uchrashuv davomida tomonlar JIDU talabalari bilimlari va ularning ishtiyoqini yuqori baholadilar. Shu bois, hamkorlik doirasini kengaytirishga qaror qilindi: fransuz va o‘zbek ekspertlarini taklif etish, onlayn-konferensiyalar o‘tkazish, shuningdek, talabalarni O‘zbekistondagi A.S.I.E. ning ilmiy va ma’rifiy faoliyatiga jalb qilish rejalashtirilmoqda. Tadbir yakunida belgilangan rejalarni hayotga tadbiq etish maqsadida hamkorlik memorandumi imzolanishi kutilmoqda.