Tadqiqot loyihalari

Tadqiqot loyihalari

    Tadqiqot loyihalari

    Tadqiqot loyihalari

    JIDU Ilmiy kengashining 2022-yil 30-noyabrdagi majlisi
    Ilmiy-tadqiqot loyihalarining bajarilishi toʻgʻrisida 
    HISOBOT

      Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor G.Ismailova

    Joriy yilda universitet tomonidan 6 ta xorijiy loyihalar amalga oshirilgan boʻlib, umumiy miqdori 11 mlrd. 632 mln. 508 ming (joriy kurs boʻyicha) soʻmni tashkil etadi. Oxirgi yillarda JIDU tomonidan xorijiy grantlar bilan ishlash muntazam ortib borayotgan boʻlsa, mahalliy – davlat ilmiy texnik dasturlari doirasidagi grantlar doirasida soʻnggi ikki yil davomida umuman ilmiy loyihalar bajarilmagan. 
    2022-yilda 3 ta xorijiy ilmiy loyihalar yakuniga yetdi:
    1. Birlashgan Qirollik Ilmiy Kengashi (COMPASS)ning “Sharqiy hamkorlik va Markaziy Osiyoda ilmiy aloqalarni har tomonlama rivojlantirish: fanning integratsiyasi va jamiyatni rivojlantirish”  nomli grant dasturi, loyiha koordinatori U.Xasanov, umumiy qiymati – 219 126 funt sterling.
    2. Jahon Bankining “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Multimedia markazi” nomli grant dasturi, loyiha koordinatori G.Ismailova, texnik koordinatori – N.Malikov, umumiy qiymati – 200 000 AQSH dollari.
    3. Germaniyaning Roza Lyuksemburg Fondining qisqa muddatli (bir yillik) grantlar darsturi doirasidagi «Markaziy Osiyoda iqlim migratsiyasi: chaqiriq va yechimlar» mavzusida grant loyihasi, loyiha koordinatori R.Maxmudov, umumiy qiymati – 20 000 yevro.
    Hozirda amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar quyidagilar:
    1. Yevropa Ittifoqining “Toshkent Jan Mone nomidagi Yevropa tadqiqotlari boʻyicha ilgʻor tajriba markazi” mavzusidagi grant dasturi, loyiha koordinatori G.Ismailova, umumiy qiymati – 100 000 ming yevro, mudatti – 2021-2023-yillar.
    2. Yevropa Ittifoqining “EU foreign policy in Central Asia and Afghanistan” nomli ERASMUS modul grant loyihasi, loyiha koordinatori A.Umarov, umumiy qiymati – 26 ming 500 yevro, mudatti – 2022-2025-yillar.
    3. Yevropa Ittifoqining “Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo boʻlish jarayoniga koʻmaklashish” nomli grant dasturi, koordinatori U.Yakubxodjayev, umumiy qiymati – 400 000 ming dollar, muddati – 2022-2025-yillar.
    Mahalliy ilmiy texnik dasturlar doirasida ilmiy loyihalar holati
    2021-2022-yillar davomida 10dan ortiq mahalliy grantlarga arza topshirildi, ammo Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan grantlar ajratilmadi. Oʻtgan davrda vazirlikning rasmiy vakillari tomonidan grantga ariza topshirish boʻyicha maxsus seminarlar tashkil qilindi va ular bilan doimiy aloqa oʻrnatildi, shuningdek, vazirlikka grant topshirishdan oldin loyihalar ekspertlar bilan birga ishlab chiqildi. Ammo, JIDU tomonidan topshirilgan loyihalar vazirlikning loyihalar boʻyicha ilmiy-texnik kengashi tomonidan ma’qullanganiga qaramasdan, oxirgi bosqichda moliyalashtirish uchun qabul qilinmadi. Natijada 2-yildan buyon mahalliy ilmiy texnik dasturlar doirasida ilmiy loyihalar amalga oshirilmayapti.

    “Toshkent Jan Mone nomidagi Yevropa tadqiqotlari boʻyicha ilgʻor tajriba markazi (Tashkent Jean Monnet Centre of Excellence for European studies)” qoʻshma grant loyihasining Ish rejasiga muvofiq joriy yilning 25-noyabr kuni “Xalqaro huquq, Yevropa Ittifoqi huquqi va Oʻzbekiston milliy huquqining dolzarb muammolari: kesishma nuqtalari va oʻzaro ta’sir istiqbollari” mavzusidagi respublika ilmiy amaliy konferensiyasi tashkil etildi. Mazkur tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent Davlat Transport Universitetidan vakillar hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining professor oʻqituvchilari va talabalari ishtirok etishdi. Respublika ilmiy amaliy konferensiyasi davomida Yangi Oʻzbekistonda islohotlar jarayonida Oliy ta’lim tizimida xalqaro huquq, xalqaro transport huquqi sohasiga tatbiq qilish bilan bogʻliq tendensiyalar, transformatsiyalar va ilmiy izlanishlar, tamoyillar, xalqaro reytinglar hamda Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida turli sohalardagi hamkorlikning huquqiy masalalari va mavzuga doir boshqa masalalar muhokama qilindi.
    Shuningdek, grant doirasida “Development trends of the EU Law: experiences for Uzbekistan”, “Implementation analyses of the newest strategy of the EU on Central Asia”, “EU-Uzbekistan trade cooperation: current trends and prospects”, “Who is who in European studies in Uzbekistan”  kabi tadqiqotlar olib borilmoqda va mazkur izlanishlar natijalari doimiy tarzda maqola sifatida nashr etilmoqda. Jumladan joriy yilda loyiha a’zolari tomonidan 20dan ortiq turli maqolalar nashr qilindi. Bundan tashqari, “Substantive Law of the European Union”, “History and development of European political and philosophical thoughts”, “WTO/EU trade standards: correlative teaching”  kabi fan dasturlari oʻqitib kelinmoqda.

    Yevropa Ittifoqining “Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo boʻlish jarayoniga koʻmaklashish” nomli grant dasturi doirasida 4 nafar professor-oʻqituvchilar Shveysariyaning Bern universiteti qoshidagi Jahon savdo institutining Yozgi akademiyasining quyidagi modullari boʻyicha malaka oshirishdi:
    - Qishloq xoʻjalik mahsulotlar savdosi boshqaruvini kuchaytirish;
    - Xalqaro investitsiya huquqi va nizolarni hal etish sohasidagi soʻnggi oʻzgarishlar.
    Shuningdek, grant dasturi boʻyicha koʻplab ekspertlar universitetga tashrif buyurishmoqda.

    Germaniyaning Roza Lyuksemburg Fondining «Markaziy Osiyoda iqlim migratsiyasi: chaqiriq va yechimlar» grant loyihasi amalga oshirilishi haqida ma’lumot
    2022-yil 15-maydan 15-noyabrgacha JIDUda Germaniyaning Roza Lyuksemburg Fondining qisqa muddatli grantlar darsturi doirasida «Markaziy Osiyoda iqlim migratsiyasi: chaqiriq va yechimlar» mavzusida grant loyihasi amalga oshirildi. 
    Loyihaning umumiy qiymati – 20 ming yevro, ijrochilar – “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi dotsenti R. Maxmudov (loyiha rahbari), “Siyosatshunoslik” kafedrasi oʻqituvchisi M. Abdullayeva (loyiha yordamchisi) va bosh hisobchi muovini L. Joʻrayev (loyiha hisobchisi) tarkibida shakllantirilgan. 
    Loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad – horijiy va oʻzbekistonlik ekspertlar fikr va prognozlarini jamlagan xolda, Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishi keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlarni aniqlash, ularga nisbatan samarali chora koʻrish boʻyicha tavsiyalar berishdan iborat. Shuningdek, mintaqa akademik doiralarida bu muammoni dolzarbligini oshirish, va bu yoʻnalishda Oʻzbekiston Respublikasi pozitsiyasi va milliy olim va amaliyotchilar ovozini keng hamjamiyatga yetkazish vazifasi qoʻyilgan. 
    Ajratilgan mablagʻlar hisobidan joriy yilning 19-oktabrida xalqaro konferensiya, 20 va 29-oktabr kunlarida talabalar uchun 2 ta mahorat darslari tashkil etildi. 
    Xalqaro konferensiyada Buyuk Britaniya ochiq universiteti professori L. Lombardotsii, Germaniyaning Roza Lyuksemburg Fondi Markaziy Osiyo ofisi rahbari M. Linke, Qozogʻiston Iqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori oʻrinbosari Ye.Karimov, Qirgʻiziston «BIOM» ekologik harakati rahbari V. Korotenko va Tojikistonning “The Little Earth” NNTdan T. Idrisov, Oʻzbekiston Respublikasi Senati Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi B. Alixonov, BMT Narkotiklar va jinoyatchilik boshqarmasi milliy koordinatori A. Irmanov, mustaqil tadqiqotchi B. Eshonov kabi soha boʻyicha mahalliy olimlar, ekspertlar va amaliyotchi mutaxassislar ishtirok etdi. Tadbirda universitet professor-oʻqituvchilari tarkibidan “Xalqaro munosabatlar” fakulteti dekani M. Baxadirov va Xalqaro istiqbolli tadqiqotlar instituti laboratoriya direktori A. Seitov qatnashdi. 
    20-oktabrda tashkil etilgan mahorat darsini mutaxassis V.Korotenko olib bordi, 29-oktabrda Oʻzbekiston Respublikasi Senati qoʻmita raisi B. Alixonov talabalarga dolzarb mintaqaviy ekologik muammolarning nazariy jihatlari haqida maruza oʻqidi. 
    Loyiha 2 qismdan iborat boʻlib, grant dasturining ikkinchi qismi 2023-yilning yanvar-mart oylarida amalga oshirish yuzasidan Fond bilan hamkorlik shartnomasi imzolangan. Bu davrda xalqaro konferensiya ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan maqolalar va universitet professor-oʻqituvchilari, talaba, magistrant va doktorantlari tomonidan yuborilgan va saralangan ilmiy ishlar kollektiv monografiya koʻrinishida chop etilishi rejalashtirilgan. 

    Shuningdek, Universitet huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instiuti markazi rahbari i.f.d., professor Mavlanov Ibragim Radjabovich tomonidan “Dunyodagi yetakchi davlatlarining investitsiya strategiyalari boʻyicha elektron ma’lumotlar bazasini va ilmiy-amaliy metodologiyasini tayyorlash” loyihasi tayyorlandi.