21.05.2022 371

Joriy yilning 20-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy aloqalar uchun kadrlar tayyorlashda til ta’limi va tarjima masalalari” mavzusidagi XIV an’anaviy ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.  Anjumanga respublikamizning yetakchi oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar.

Konferensiyani JIDU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori G.S.Ismailova kirish nutqi bilan ochib berdi. U ishtirokchilarga tashrifi uchun minnatdorchilik bildirib, o‘n to‘rt yillik tarixga ega ushbu anjumanning ahamiyati va o‘rnini alohida ta’kidladi.  Ma’ruzachi konferensiya ishining maqsad va vazifalari hozirgi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan  olib borilayotgan til siyosati hamda bu boradagi Prezident Farmonlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlariga hamohang ekanligi, shuningdek, unda qo‘yilgan masalalar dolzarbligini qayd etib, anjuman natijalari samarali, natijador bo‘lishiga umid bildirdi.

Shundan so‘ng, bosh ma’ruzachilarga navbat berildi. Anjumanda so‘zga chiqqan O‘zDJTU professori, f.f.d. J. Yakubov, O‘zDJTU dotsenti, f.f.n. P.Nishonov, TDSHU dotsenti X. Imamova, JIDU professori f.f.d. B. Samadov xorijiy tillar ta’limi, xalqaro munosabatlar, iqtisodiyot va huquq sohasida tarjima va tarjimonlar tayyorlash masalalari, bu borada yechimini kutayotgan muammolar haqida so‘zladilar. Ma’ruzachilarning chiqishlari ishtirokchilar tomonidan qiziqish bilan tinglandi va ularga fikr-mulohazalar bildirildi.

Majlis raisi ta’limda kredit-modul tizimi bilan bog‘liq masalalarga hamda shu bilan bog‘liq, til, jumladan davlat tilini o‘qitishning mavjud holati va kelajagi, mustaqil ta’lim, uni tashkillashtirish borasidagi muammolarga qatnashchilarning e’tiborini qaratdi. Bu mavzuda O‘zbek va rus tillari kafedrasi mudiri M.Abdurahmonova, Roman-german tillari kafedrasi mudiri V.Mamatkasimova, O‘zbek va rus tillari kafedrasi dotsentlari Sh. Normatova, N.Sharipovalar ma’ruza qildi. Ushbu chiqishlar anjuman qatnashchilarining qizg‘in muhokamalariga sabab bo‘ldi.

Konferensiya ilmiy-amaliy sohalarda fikr almashinuv va do‘stona bahs-munozara ruhida o‘tdi.