22.04.2021 310

JIDUda “Xalqaro munosabatlar transformasiyasida innovatsion texnologiyalarning taʼsiri: nazariya va amaliyot” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi. Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy Universiteti, Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetlari hamkorligida tashkil etilgan mazkur ilmiy uchrashuvda innovatsion texnologiyalarni xalqaro munosabatlarda qoʻllashning tarixi, rivojlanish bosqichlari va kelgusi taraqqiyoti haqida soʻz yuritildi. Bundan tashqari, konferensiyaning onlayn va oflayn ishtirokchilari tomonidan zamonaviy texnologiyalarning dolzarbligi va xalqaro munosabatlarda ularni qoʻllashning imkoniyatlari haqida fikr bildirildi.

Tadbir moderatori Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Xalqaro munosabatlar” fakulteti dekani Murat Baxodirov ishtirokchilarga oʻz maʼruzalarini oʻqib eshittirishga navbat berdi. Ilmiy-amaliy konferensiyada uchchala OTMlardan professor-oʻqituvchilar qatnashib mavzu yuzasidan tayyorlagan hisobotlarini oʻqib eshittirdilar.

Muhokamalar davomida konferensiya qatnashchilari, turli xil ilmiy soha vakillari texnologiyadagi yangiliklar taʼsirida roʻy beradigan xalqaro munosabatlar tizimining oʻzgarishini va bugunning dolzarb muammolarini tahlil qildilar. Shuningdek, texnologik inqiloblarning sabablari, innovatsion kashfiyotlarga taʼsir qiluvchi omillar va ularni qoʻllash, texnologiyaga taʼsir qiluvchi antropologik omillar, ularda davlatning ishtiroki, davlat va TMK oʻrtasidagi zamonaviy munosabatlar, xalqaro biznesdagi ijtimoiy masʼuliyat masalalari boʻyicha munozaralar ham boʻlib oʻtdi.

Konferensiya natijalariga koʻra, bunday ilmiy uchrashuvlarning olimlar va Oʻzbekiston Respublikasidagi ilmiy sohalarda faoliyat yurituvchi mutaxassislar, tahliliy markazlari oʻrtasida fanlararo hamkorlikni rivojlantirishda muhimligi qayd etildi.

Oʻzaro baholashdan muvaffaqiyatli oʻtgan tadbir ishtirokchilarining maqolalari konferensiya materiallari toʻplamida nashr etiladi.