Diplomatik kurslar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) tizimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 23-sentabr, 474-sonli “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tashkil qilish to‘g‘risida”gi farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi Ishlar Vazirligining 2001-yil 10-yanvardagi “Yosh diplomat” kurslarini Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshida diplomatik kurslarga o’zgartirish to’g’risida”gi 32-sonli buyrug’iga asosan tashkil etilgan.

Prezident farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 26-sentabrdagi “Oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 278-sonli qaroriga binoan diplomatik kurslarning asosiy maqsadi “diplomatik va konsullik xizmatlari uchun oliy ma’lumotli mutaxassislardan kadrlar zahirasini izchillikda tayyorlash”, tashqi iqtisodiy va tashqi siyosiy faoliyat sohasidagi vazirlik va idoralarning rahbar xodimlari va mutaxassislarining malakasini oshirish hisoblanadi.

Diplomatik kurslar o‘z faoliyatini JIDUning 2006-yil 10-noyabrdagi 1104-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi diplomatik kurslar to‘g‘risidagi” Nizom hamda O‘zbekiston Respublikasi standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining 2015-yil 24-apreldagi 05-650-sonli farmoni bilan ma’qullangan “O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy va tashqi siyosiy faoliyatini boshqaruvchi vazirliklari va muassasalari, konsern va assotsiatsiyalari, yirik korxona va xo‘jaliklarining ishchi xodimlari va mutaxassislarining malakasini oshirishga bo‘lgan davlat talabi”ga asosan olib boradi.

Diplomatik kurslarda Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, shuningdek, tashqi iqtisodiy va tashqi siyosiy sohalarda o‘z xodimlarining malakasini oshirishdan manfaat dorbo‘lgan boshqa respublika muassasalari va tashkilotlarining xodimlari malakalarini oshiradilar.

Diplomatik kurslarda ma’ruzalar o‘qish va seminarlar o‘tkazish uchun JIDUning yetakchi professor-o‘qituvchilari, Tashqi ishlar vazirligi, Iqtisodiy tadqiqotlar markazi, xorijiy ta’lim muassasalari va boshqa respublika doirasidagi tashkilot va boshqarmalarning mutaxassislari, shuningdek, O`zbekiston Respublikasida akkredatsiyadan o`tgan diplomatik vakolatxonalarning vakillari taklif etiladi.

Diplomatik kurslarning byujetdan ta’minlanadigan vazirlik va idoralarning ishchi-xizmatchilarini o‘qitish faoliyati maqsadli byujet jamg‘armalari tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, kurslarni yo’lga qo’yish buyurtmachilar hisobidan shartnoma va bitim asosida tashkil qilinishi mumkin.

Kurs mashg‘ulotlari ko‘lami o‘quv rejasi bo‘yicha o`tkaziladi. Mazkur o‘quv rejasi 6-haftaga mo‘ljallangan jami 160 soat atrofida davom etadi. Shuningdek, shartnoma asosida, buyurtmachilarga qisqa muddatli (1-haftalik) kurslar ham o‘tiladi.

O`quv kurslari turli mavzularga bag‘ishlangan, xususan, “O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lgan global va hududiy xavfsizlik muammolarining kompleksi”, “O‘zbekiston Respublikasi muassasalarining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyati bo‘yicha informatsion-tahliliy ishlar”, “O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyati hamda savdo-iqtisodiy munosabatlari huquqiy asoslarining ustuvor yo‘nalishlari”, “O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari va xalqaro iqtisodiy muzokaralar o‘tkazish malakalari” va boshqalar.

Kurs ishtirokchilari geosiyosat, tahliliy ishlarning nazariy asoslari va amaliy muammolari, muzokara olib borish san’ati, iqtisodiy diplomatiya, diplomatik protokol va etiket, shuningdek xalqaro siyosiy va iqtisodiy munosabatlarning boshqa masalalarini o‘rganadilar. O‘quv dasturi va yakuniy og`zaki imtihon tugatilganidan so‘ng, tinglovchilar Kurs yakuni bo‘yicha sertifikat oladilar. Ayni paytda, Diplomatik Kurslar bazasida masofaviy ta`lim tizimi yaratish ishlari olib borilmoqda va quyidagi yo`nalishlar bo`yicha bilim olish imkoniyati mavjud.

  • Diplomatik va biznes muzokaralar, suhbatlar. Bugungi xalqaro aloqalardagi muhokama texnologiyasi;
  • Diplomatiya va zamonaviy sharoitlarda tashqi iqtisodiy faoliyat;
  • Iqtisodiy diplomatiya va O'zbekiston Respublikasining milliy manfaatlari, uning roli;
  • Diplomatik va biznes protokol va etiket: qoidalar, ularni qo'llash amaliyoti.

Yangilangan sana: 12.10.2017