07.05.2019 1361

3-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU), Oʻzbekiston milliy olimpiya qoʻmitasi (OʻMOQ) va Oʻzbekiston futbol federatsiyasi (OʻFF) oʻrtasida Memorandum imzolandi.

Ushbu tantanali marosimda universitet rahbariyati, OʻMOQ , OʻFF vakillari, sport veteranlari, oʻzbek sporti yulduzlari, talabalar va OAV vakillari ishtirok etdilar.

Imzolangan Memorandumga muvofiq, JIDU sport boshqaruvi boʻyicha treninglar tashkil etish, turli milliy va xalqaro sport federatsiyalari bilan mustahkam aloqalar oʻrnatish hamda Markaziy Osiyoda ilk bor “Sport huquqi” mutaxassisligi boʻyicha magistrlarni tayyorlash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari kelajakda JIDU talabalari uchun “Sport huquqi va menejment” yoʻnalishi boʻyicha qisqa muddatli kurslar ochiladi. Magistratura dasturi doirasida talabalar uchun xalqaro va milliy sport hamda yuridik tashkilotlarda ish bilan taʼminlash, shuningdek FIFA, UEFA, AFC, FIBA kabi tashkilotlarning shtab-kvartiralariga tashriflar uyushtirish rejalashtirilgan.

Oʻquv jarayoni davomida ushbu sohada katta ilmiy va amaliy tajribaga ega boʻlgan xalqaro mutaxassislarni jalb qilish rejalashtirilgan.

Taʼkidlash joizki, ushbu tadbir samarali hamkorlikning boshlanishi boʻlib, kelgusida universitetni yanada takomillashtirishga, shuningdek mamlakat ravnaqi uchun malakali kadrlarni tayyorlashga xissa qoʻshadi.

JIDU ushbu hamkorlik doirasida xalqaro va milliy sport federatsiyalari, assotsiatsiyalari, huquqshunoslar, sportchilar, yuridik tashkilotlar bilan hamkorlik qilishdan manfaatdordir.