03.05.2019 3040

2019-yilning 25-27-aprel kunlari JIDU vakillarining delegatsiyasi Minsk shahrida GCRF COMPASS (Global muammolarni tadqiq qilish fondi - Sharqiy qo'shnichilik va Markaziy Osiyoda imkoniyatlarni kengaytirish) loyihasi doirasida Belarus Davlat Universitetida (BDU) tashkil etilgan birinchi Xalqaro Talabalar Ilmiy-Amaliy Konferentsiyasining rasmiy ochilishida ishtirok etdi. JIDU delegatsiyasi tarkibida birinchi kurs doktoranti Mo'minov Ilxomjon, 2-kurs magistrantlari Rajabov Bekzod va Kirgizbaeva Feruza, birinchi kurs magistranti Yodgorov Shaxboz va bakalavriat oxirgi kurs talabasi Akromov Otabek ishtirok etishdi.

Konferentsiya Belorus Davlat Universiteti (BDU) da bo'lib o'tdi va unda 800 dan ortiq ishtirokchi talabalar, shu jumladan Buyuk Britaniyaning Kembridj va Kent universitetlari, Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiyasi Universiteti (JIDU, O'zbekiston), Ozarbayjon Diplomatik Akademiyasi (ODA) Belarus Davlat Universiteti (BSU, Belorus) va Tojikiston Milliy Universiteti (TMU) tomonidan 1-kurs doktorantlari, magistrantlar va bakalavriat oxirgi kurs talabalari qatnashishdi. Konferentsiya "Integratsiyalar integratsiyasi: status-kvo, tahdidlar va istiqbollar" mavzusida bo'lib o'tdi. Konferentsiya Buyuk Britaniyaning Belarus davlatidagi elchisi Fiona Gibb, BDU “Xalqaro munosabatlar” fakulteti dekani -professor Viktor Shadurskiy, professor Elena Korosteleva (Kent universiteti), “Tarix” Maktabi katta o'qituvchisi hamda COMPASS loyihasining milliy rahbari Artsiom Nazarenko nutqlari bilan ochildi. Shuningdek, konferentsiya davomida parallel ravishda talabalar prezentatsiyalarining uchta panel muhokama va intensiv savol-javob sessiyalari (Q & A) o’tkazildi. Shu bilan birga, madaniy dastur doirasida talabalar Minskdagi ko'plab tarixiy va madaniy joylarga tashrif buyurishdi, jumladan, Belarus Milliy kutubxonasi, Buyuk Vatan urushi muzeyi va Milliy akademik katta teatr, shuningdek, YUNESKO jahon merosi ro’yxatiga kiritilgan Nesvij saroyi va Mir qal'asi shular jumlasidandir.

Buyuk Britaniyaning Kent universiteti tomonidan ilgari surilgan hamda Kembridj universiteti (Buyuk Britaniya) bilan hamkorlikda taqdim etilgan GCRF COMPASS loyihasi Buyuk Britaniya universitetlari va hamkor universitetlar - Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiyasi Universiteti (JIDU, O'zbekiston), Ozarbayjon Diplomatik Akademiyasi (ODA, Ozarbayjon) , Belarus Davlat Universiteti (BDU, Beloruss) va Tojikiston Milliy Universiteti (TMU, Tojikiston) o’rtasida hamkorlikni rivojlantirishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan.

Loyihaning asosiy maqsadi - yangi integratsion tadqiqotlarni shakllantirish, mamlakat rahbariyatiga yordam berish va zamonaviy dunyoda barqaror ilmiy va ta'lim jamiyatini rivojlantirishga hissa qo'shish.