30.04.2019 1601

26 aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida The New York Times – Times Journey dasturi doirasida AQSHlik bir guruh mashhur jurnalistlar, professorlar, advokatlar fotograflar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Virjiniya shtatining Kvantiko shahridagi Harbiy Dengiz kuchlari universiteti tahliliy markazining Yevroosiyo masalalari boʻyicha eksperti Viktoriya Klemens boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari orasida Newsweek Magazine jurnalining moliyaviy masalalar boʻyicha jurnalisti Jeyn Bryant Kuinn, Nyu-Yorklik advokat Paul D. Reyngold, Pittsburg universiteti professori Irine Xanson Friz kabi mutaxassislar ham tashrif buyurdilar. Uchrashuvda JIDU professor oʻqituvchilari, magistr talabalar hamda oliy darajadagi rasmiy delegatsiyalarga hamrohlik qilish maqsadida tashkil etilgan maxsus guruh talabalari ishtirok etishdi. Mehmonlar Oʻzbekistonning ulkan madaniy-maʼnaviy salohiyati mavjudligini, gʻarb dunyosida Buyuk ipak yoʻli mamlakatlariga, xususan, Oʻzbekistonning boy tarixiy va madaniy merosiga boʻlgan qiziqishning yuksalib, mamlakatimizga sayyohlar sonining oʻsib borayotganligini alohida qayd etishdi. Uchrashuvda turli xildagi PR kampaniyalar, tadbirlar, maxsus byulleten va broshyuralar tarqatish yoʻli bilan Oʻzbekistonning turizm sohasidagi jozibadorligi va ulkan salohiyati haqida keng Amerika jamoatchiligini xabardor qilish masalasi ham atroflicha muhokama qilindi.

Qizgʻin va erkin ruhda boʻlib oʻtgan mazkur uchrashuvda mamlakatimizning tarixi, madaniyati, tabiati, anʼanalari, oʻzbek milliy taomlari hamda AQSH universitetlarida oʻqish va ilmiy tadqiqotlar olib borish imkoniyatlari kabi mavzularida oʻzaro fikr almashildi. Shuningdek, mehmonlar universitetning kutubxonasi, oʻquv zali hamda sport-sogʻlomlashtirish majmuasi faoliyati bilan ham tanishishdi.