21.05.2018 6196

O‘quv yilining oxirgi pallalarida JIDU Konferens-tarjimonlarni tayyorlash (KTTM)markazi o‘zining an’anaviy choy bazmini (Tea Party at 5 o’clock) o‘tkazdi. Bazm JIDUning kinolar zalida bo‘lib o‘tdi. KTTM talabalari bazm mehmonlariga o‘zlarining qo‘l mehnati asarlarini namoyish etish bilan birga ularni o‘zlari  tayyorlagan pishiriqlar va albatta bir piyola choy bilan xushnud etishdi. Sahnada KTTM tomonidan to‘plangan musiqa asboblari qad rostlab turar va tarjimonlarning murakkab ish jarayonini tasvirlovchi qo‘l chizmasi esa bazmga o‘zgacha shukuh bag‘ishlab turdi.

Bir necha xafta oldin, ya’ni 2018-yilning 27-aprelida Markaz o‘zining unitilmas 10 yillik yubileyini keng nishonladi. Bayramda hozir bo‘lganlar KTTMning o‘tgan yillarda erishgan yutuqlariga yuqori baho berishdi. JIDU KTTMning talaba-tarjimonlari ko‘plab tashkilotlar, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Madaniyat vazirligi, Intellektual mulk agentligi, Olimpiya qo‘mitasi va boshqalar  tomonidan o‘tkazilgan tadbirlarda muvaffaqiyatli ravishda ketma-ket hamda sinxron tarjimalarni amalga oshirishdi. Shuningdek, tarjimon-talabalar mamlakatimizga tashrif buyurgan ko‘plab yuqori martabali mehmonlarga hamrohlik qilishdi hamda xalqaro konferensiyalar, turli madaniy tadbirlar va bizness uchrashuvlarida tarjimon sifatida ishtirok etishdi. 

Choy bazmi dasturi, KTTMning barcha tadbirlari kabi, Ingliz tilida olib borildi va qiziqarli sahna ko‘rinishlari, turli musobaqalar-u ko‘plab chiqishlar bazm qatnashchilariga manzur bo‘ldi. Ammo bazm dasturidan o‘rin olgan KTTM musiqiy guruhlarning chiqishi o‘zgacha taassurot qoldirdi. Musiqiy parchalar va folklor, blu-grass, kantri hamda rok yo‘nalishidagi qo‘shiqlar bazmda hozir bo‘lganlarga ajib bir kayfiyat baxsh etdi. Ushbu bazm talabalarga oldinda turgan yozgi imtihonlarga yanada yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishida ko‘maklashsa ajab emas.