28.04.2018 6652

Tashqi siyosatni asoslangan, o‘zaro manfaatli va konstruktiv ravishda olib borishda avvalambor xalqaro hamkorlikning xalqaro-huquqiy normalari hamda shartnomaviy-huquqiy asoslariga tayaniladi. 2018 yil 27 aprel kuni, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida an’ana tusiga kirgan “Xalqaro huquqning dolzarb masalalari: nazariya va amaliyot” mavzusidagi IX respublika konferensiyasi aynan mazkur masalalarga bag‘ishlandi. Ilmiy-amaliy konferensiyada xalqaro-huquqiy munosabatlar sohalarida faoliyat yurituvchi yetakchi mutaxassislar ishtirok etishdi. Jumladan, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sud vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, boshqa vazirlik va idoralar vakillari, olimlar, yosh tadqiqotchilar ma’ruzalar qilishdi va munozarada ishtirok ishtirok etishdi.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida ko‘rsatib o‘tilgan 2017-2021 yillarda mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha belgilab berilgan, 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatnomasidan, 2018 yil 5 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish va tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda uning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, shu bilan birga “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarordan kelib chiqadigan xalqaro-huquqiy masalalar, jumladan, tashqi siyosiy va iqtisodiy faoliyatni takomillashtirish yuzasidan qabul qilgan qarorlaridan kelib chiqib, O‘zbekistonda xalqaro huquq fani va amaliyotini rivojlantirishning dolzarb masalalari, xalqaro shartnomalarni milliy qonunchilikka muvofiqligi masalalari, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomaviy amaliyoti va uning huquqiy asoslarini takomillashtirish, mamlakatning xalqaro iqtisodiy aloqalarini huquqiy jihatlari, innovatsiya huquqining shakllanishining, investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilishning, turizm sohasini takomillashtirishning xalqaro-huquqiy jihatlari, Jahon savdo tashkiloti doirasida nizolarni hal qilish masalalari, tashqi ishlar mahkamasi faoliyatining yanada takomillashtirish sharoitlarida konsullik muassasalari funksiyalari, mintaqadagi, xususun, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish borasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro-huquqiy tashabbuslari kabi masalalar muhokama qilindi.

Konferensiya natijasida, ulardan tashqi siyosiy va iqtisodiy faoliyatni yanada takomillashtirish yuzasidan qonunchilik va amaliyotini hamda o‘quv va ilmiy faoliyatni yanada takomillashtirish yuzasidan xulosa va takliflar ishlab chiqildi, konferensiya materiallari alohida to‘plam sifatida nashr etish ko‘zda tutilmoqda.