University of World Economy and Diplomacy  O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi 

University of World Economy and Diplomacy
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida
“ Navoiy viloyati kuni ”

2009 yilning 30 aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Navoiy viloyati madaniyati va san’ati kuni ” o‘tkazildi. Mazkur tadbir universitetda an’ana bo‘lib kelayotgan “O‘zbekiston – Vatanim, manim!” turkumi doirasida amalga oshirilgan bo‘lib, JIDUda tahsil olayotgan Navoiylik talabalar, universitet Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Navoiy viloyati hokimiyati tomonidan tashkil etildi.

Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir universitetda bir necha yillardan buyon o‘ziga xos an’anaga aylangan bo‘lib, undan ko‘zda tutilgan maqsad, talaba-yoshlarni vatanparvarlik, el-yurtga sadoqat va milliy an’analarimiz ruhida tarbiyalash, ularni o‘zaro yanada jipslashtirish, shuningdek, “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili ” Davlat dasturi asosida belgilangan vazifalarni amaliyotga keng tatbiq etish hamda viloyatlar urf-odatlarini chuqurroq o‘rganishdan iboratdir.

“Navoiy viloyati madaniyati va san’ati kuni ” doirasida universitetda bir qancha tadbirlar amalga oshirildi.

Shu kuni soat 10:00 da Navoiy viloyatidan tashrif buyurgan mehmonlar vakillari bilan universitet rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuvda Navoiy viloyatidan – viloyat hokimining iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha kotibiyat mudiri D.Mamarajabov, “Qizilqumsement” OAJ direktor o‘rinbosari A.Qo‘ldoshev va viloyat matbuot kotibi D.Razoqova; JIDU tomonidan esa: Ma’naviy-axloqiy ishlar bo‘yicha prorektor M.Turdiyev, Moliya-iqtisodiyot ishlari bo‘yicha prorektor N.Jumayev, rektor maslahatchisi A.Tolipov, Tashqi ishlar vazirligi xodimi A.Nosirov, rektor yordamchisi R.Turabekov va dekanlar ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida M.Turdiyev universitet tarixi va universitet bitiruvchilarning so‘nggi yillarda erishgan yutuqlari haqida qisqacha ma’lumot berdi. Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi oqibatlarini oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karmovning 2008 yil 2 dekabrdagi UP-4059 sonli farmoyishiga asosan Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Navoiy viloyatida erkin iqtisodiy-sanoat hudud”ni yaratish tashabbuslariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan Erkin iqtisodiy-sanoat hududida tashkil etilayotgan Xalqaro intermodal markazning ishga tushishi va shu asnoda zamonaviy texnologiyalarning mamlakatimizga kirib kelishi nafaqat viloyat iqtisodiyotiga, balki butun Respublikamizning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi.

So‘ngra, davlatimiz rahbari tomonidan qayd etilgan, universitet rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan masalalar bo‘yicha fikr almashindi. Uchrashuvda universitet vakillari tomonidan quyidagi masalalar ko‘tarildi:

1. Navoiy viloyatidagi erkin iqtisodiy-sanoat hududini yaratishda ishtirok etayotgan viloyat qo‘shma korxona va tashkilotlarida hamda viloyat hokimiyati tizimida JIDU talabalarining amaliyotini tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatish;

2. Navoiy viloyati hokimiyati bilan hamkorlikda (JIDU va Navoiy viloyati hokimiyati bilan birgalikda bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha shartnoma imzolash orqali) Navoiylik universitet bitiruvchilarini ishga joylashtirish mexanizmini ishlab chiqish. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh mutaxassislarni o‘z viloyatlarining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga jalb etish;

3. Iqtidorli va ijtimoiy muhtoj Navoiylik talabalarni qo‘llab quvvatlash maqsadida ularni moddiy rag‘batlantirib borish. Jumladan iqtidorli Navoiylik talabalar uchun viloyat hokimining, yirik tashkilot va korxonalarning maxsus stipendiyalari va grantlarini ta’sis etish.

Shu bilan birga, M.Turdiyev universitetning ichki imkoniyatlari haqida to‘xtalib o‘tdi va universitet tomonidan Navoiy viloyati hokimiyati uchun quyidagi takliflarni berdi:

1. Xalqaro munosabatlar, xalqaro iqtisodiy munosabatlar, xalqaro huquq bo‘yicha viloyat hokimiyati xodimlariga ma’ruzalar o‘qish, seminarlar tashkil etish uchun universitet professor-o‘qituvchi va mutaxassislarini yuborish;

2. Navoiy viloyati hokimiyati talablariga ko‘ra universitet professor-o‘qituvchi va mutaxassislari tomonidan xo‘jalik shartnomalari asosida Navoiy viloyatidagi Erkin iqtisodiy-sanoat hududi muammolari bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borish;

3. Navoiy viloyati hokimiyati xodimlarini universitet qoshidagi “Boshqaruv instituti” va “Diplomatik kurs”larda “Biznes menedjment”, “Protokol va etiket” kabi sohalar bo‘yicha malaka oshirish kurslarida o‘qish.

Mazkur masalalar va takliflar yuzasidan D.Mamarajabov – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti xalqaro siyosiy, xalqaro iqtisodiy hamda xalqaro huquqiy sohalar bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlovchi O‘zbekistonning yetakchi Oliy ta’lim muassasasi ekanligini va shu bilan birga bugungi kunda Navoiy viloyatida 50 dan ortiq qo‘shma korxona mavjudligi, ammo ayrim hollarda malakali mutaxassislarning yetishmasligi sababli shartnomalar oylab imzolanmasligi kabi kamchiliklar mavjudligini ta’kidladi.

Rahbariyatimiz tashabbusi bilan tashkil etilayotgan Navoiy viloyatidagi Erkin iqtisodiy-sanoat hududda joylashgan qo‘shma korxona va tashkilotlar tomonidan universitet bitiruvchilariga bo‘lgan talabni yanada oshishiga va shu sababli Navoiy viloyati hokimiyati bilan JIDU o‘rtasida bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzolash universitet va viloyat hokimiyati umumiy manfaatida ekanligini ta’kidladi.

“Qizilqumsement” OAJ direktor o‘rinbosari A.Qo‘ldoshev universitetda talabalarning o‘qishi, madaniy-ma’rifiy hordiq chiqarishlari uchun yaratilgan sharoitlar hamda iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan sa’yi harakatlarni ijobiy baholab, o‘z tashkiloti nomidan universitetning iqtidorli va ijtimoiy muhtoj Navoiylik talabalarni qo‘llab-quvvatlashda amaliy yordam ko‘rsatishini bildirdi.

Shu bilan birga, Navoiylik vakillar universitet bitiruvchilarini ishga joylashtirish hamda universitet qoshida faoliyat ko‘rsatayotgan “Boshqaruv instituti” va “Diplomatik kurs”larda o‘z tashkilot xodimlarining malakalarini oshirish masalalarini yanada kengaytirilgan tarkibda ko‘rib chiqishni taklif etdilar.

O‘z navbatida universitet rahbariyati Navoiy viloyati hokimiyatiga “JIDU va Navoiy viloyati hokimiyati bilan birgalikda hamkorlik shartnomasi”ning loyihasini o‘rganib chiqish kelishib olindi (Ilova 1).

Mazkur uchrashuv so‘nggida Navoiylik mehmonlarga universitetning moliya-iqtisodiyot ishlari bo‘yicha prorektor N.Jumayev tomonidan jahon moliyaviy inqiroziga bag‘ishlangan “Jahon moliyaviy iqtisodiy inqirozi: mohiyati, sabab-oqibatlari va O‘zbekistonga ta’siri nomli kitobi taqdim etildi.

Uchrashuv tugagach Navoiylik mehmonlar va universitet rahbariyati ishtirokida universitet Ilmiy kengashlar zalida Navoiylik va Navoiy viloyatiga qo‘shni bo‘lgan viloyat talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida talabalar o‘z fakultetlari va universitetda erishgan yutuqlari haqida mehmonlarga prezentatsiyalar namoyish etdilar.

O‘z navbatida mehmonlar Navoiy viloyatida yaratilayotgan Erkin iqtisodiy-sanoat hududda tashkil etilayotgan qo‘shma korxona va tashkilotlarda universitet bitiruvchilarini ishga joylashtirish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdilar. Muloqot so‘nggida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha viloyati hokimiyati vakillari bilan savol-javob o‘tkazishdi.

Shundan so‘ng, Navoiylik mehmonlar uchun universitet bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi. Mehmonlarga talabalar tomonidan “Diplomatik kurs” auditoriyasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Elektron kutubxona, multimediya xonasi, Resurs markazi, Sport sog‘lomlashtirish markazi va tennis korti hamda Protokol va etiket o‘quv auditoriyasi namoyish etildi.

Soat 12:00 da universitetning Faollar zalida “Navoiy viloyati madaniyati va san’ati kuni tadbirining tantanali qismi boshlandi. Tadbirni universitetning Ma’naviy-axloqiy ishlar bo‘yicha prorektor M.Turdiyev ochib berdi (Ilova 2). M.Turdiyev universitetga kelgan mehmonlarni tabriklar ekan, ushbu tadbirni tashkil etishda amaliy va moddiy yordam ko‘rsatgan Navoiy viloyati hokimi E.O.Turdimovga universitet professor-o‘qituvchilari, xodimlari va talabalari nomidan minnatdorchilik bildirdi.

So‘ngra, Navoiy viloyati hokimining iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha kotibiyat mudiri D.Mamarajabov so‘zga chiqib Navoiy viloyati tarixi, madaniyati, iqtisodiy-ijtimoiy salohiyati haqida qisqacha ma’ruza qildi, Navoiy viloyati haqida prezentatsiya namoyish etildi.

Tadbirda O‘zbekiston xalq shoirasi Oydin Hojiyeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Gulxan” jurnalining bosh muharriri Ashurali Jo‘rayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist “O‘zbekiston ovozi” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Haffor Hotamov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Navoiy viloyati mas’ul kotibi Bahriddin Sadriddinov, O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Yorqul Umarov, shoira Olga Kurgayeva, shoir Odil ?otamov, Navoiy viloyati bo‘lim boshlig‘i Dilshod Mamaradjabov, Madaniyat saroyi direktori o‘rinbosari Muxiddin Kenjayev, Navoiy viloyati Madaniyat va san’at kolleji o‘qituvchisi Tursunoy Ruzmetova va boshqa mehmonlar ishtirok etdilar. Universitetda tahsil olayotgan Navoiylik talabalarning sahna chiqishlari barchaga manzur bo‘ldi.

Shu bilan birga Faollar zalida Navoiylik mehmonlar tomonidan viloyat madaniyati, san’ati, tarixi, sanoatiga oid hayotning barcha jabhalarini o‘zida aks etuvchi ko‘rgazma tashkil etildi. Ko‘rgazma talabalarda ulkan qiziqish uyg‘otdi.

Kunning ikkinchi yarmida Talabalar oshxonasida Navoiylik mehmonlar, universitet professor-o‘qituvchilari, xodimlari va talabalari uchun bayram dasturxoni yozildi. Dasturxonga o‘zbek milliy taomi bo‘lmish osh tarqatildi.

Kun davomida bo‘lib o‘tgan “Navoiy viloyati madaniyati va san’ati kuni” universitet talabalarida yagona va tengsiz bo‘lgan ona yurtimiz – O‘zbekistonga bo‘lgan muhabbatni, Vatanni asrab-avaylash, uning sharafini himoya qilish va yuksaltirish singari ezgu niyatlarni shakllanishi, ularga g‘urur va iftixor baxsh etishi yo‘lidagi yana bir qadam bo‘ldi.

2009 yil 30 aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida o‘tkazilgan
“Navoiy viloyati madaniyati va san’ati kuni”
DASTURI

1. Kirish so‘zi va tabrik: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha prorektori M.Turdiyev.

2. Navoiy viloyati hokimligi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari kotibiyati mudiri D.Mamarajabov

3. Navoiy shahri “Farhod” madaniyat saroyi direktor o‘rinbosari M.Kenjayev.

4. “Vatan” – ijro etadi Navoiy madaniyat va san’at kolleji o‘qituvchisi T.Ruzmetova.

5. Raqs “Bahor” ijro etadi Navoiy madaniyat va san’at kolleji xoreografiya bo‘limi talabalari.

6. Navoiylik shoir O.Xotamov.

7. Shoira O.Kurgayevaning chiqishi

8. Qo‘shiq “Ay-yay-yay” ijro etadi “Farhod” madaniyat saroyi xonandasi T.Savich.

9. Qo‘shiq “Nozli yor” ijro etadi “Navo” ansambli xonandasi F.Xakimov.

10. Raqs “Progulka” ijro etadi “Farhod” madaniyat saroyi “Sonata” kichik raqs guruhi.

11. Qo‘shiq “Yoring bo‘lay”» ijro etadi “Farhod” madaniyat saroyi xonandasi M.Nurimbetova.

12. Qo‘shiq “Sen bahorni sog‘inmadingmu” ijro etadi “Navo” ansambli xonandasi D.Xamroyev.

13. Raqs “Xay-xay” ijro etadi – Navoiy madaniyat va san’at kolleji talabalari.

14. Inglizcha qo‘shiq “BIG World” ijro etadi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi A.Mishyenko

15. Raqs “Tango” ijro etadi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tahsil olayotgan navoiylik talabalar.

16. Qo‘shiq “Qaydasan azizam” ijro etadi madaniyat va san’at kolleji o‘qituvchisi I.Shodiyeva

17. Raqs “Xip-xop» ijro etadi “Farhod” madaniyat saroyi “Sonata” estrada va raqs ansambli qatnashchilari.

18. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari ijrosida Raqs “Áåëûé òàíåö”.

19. Yakuniy qo‘shiq: “O‘zbekiston” ijro etadi Respublika va Xalqaro tanlovlar g‘olibi S.Kenjayev.

© 2002-2006, University of World Economy and Diplomacy
100077, Mustaqillik shox ko`ch., 54, Toshkent, O'zbekistan
Tel: (+998712) 267-67-69
Faks: (+998972) 267-09-00
E-mail: rectorat@uwed.uz
Manzil